Samarqand darvoza


Post Views:
463

SAMARQAND DARVOZA – Beshyog‘och dahasidagi qadimgi mahalla. Zangiota, Chaqar, Zaxariq, Kamolon mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan, bir chekkasi Chaqarariqqa yondoshgan. Hududida shahar darvozalaridan biri – Samarqand darvozasi joylashgan (nomi shundan). Samarqandga boriladigan karvon yo‘li shu yerdan boshlangan. Mahallada 50 dan ortiq xonadon yashagan. Keksalarning ma’lum qilishicha, 1895 yilgacha Samarqand darvozada Toshkentga kiruvchilarni nazorat qiluvchi va o‘lpon (boj) yig‘uvchilar yashashgan. Aholisi, asosan, o‘zbeklar bo‘lib, hunarmandchilik (ko‘pchilik, duradgorlik, aravasozlik va b.), dehqonchilik (Novza, CHo‘ponota, Qoziravot mavzelarida) bilan shug‘ullangan. Mahallada maktab, masjid, bozorcha, baqqollik do‘konlari bo‘lgan (20-asr boshi). Yozuvchi Abdulla Qodiriy shu mahallada yashab ijod qilgan.

«Samarqand darvoza» mahallasi (Samarqand darvoza ko‘chasi, 202) – Shayxontohur tumanidagi hozirgi mahalla. Zangiota, «Kattabog‘», «Novza», Olim Xo‘jayev mahallalari bilan chegaradosh. 1917 yil Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng 1962 yilgacha Kuburariq (Quvurariq) nomi bilan atalgan. 1962 yilda qadimgi nomi yana qayta tiklangan. Mahalla hududi 1941 yilgacha shaharning asosiy qovun sayli o‘tkaziladigan joy hisoblangan. Mahalla guzari (hozirgi 13-o‘rta maktab) o‘rnida karvonsaroy bo‘lgan. Guzarning 3 tomonida choyxonalar bo‘lib, ularda san’atkorlar ishtirokida yig‘inlar o‘tkazilgan. Choyxonalar yonidagi baland ustunlarga kerosinli osma chiroqlar o‘rnatilgan. Guzarda dorbozlar, qiziqchilar tomosha qo‘yishgan. 1936–37 o‘quv yilida mahallada 2 qavatli maktab binosi qurilgan. Aholisi 6 ming kishi, asosan, o‘zbeklar. Mahalla hududida o‘rta maktab, dorixona, stomatologiya bo‘limi, bolalar bog‘chasi, 14-oilaviy poliklinika, «Muruvvattekst» qo‘shma tikuvchilik korxonasi, yangi mahalla idorasi, avtosportda qatnashuvchi mashinalar garaji mavjud. 1994 yil mahallaning homiy fuqarolari tomonidan Toshkentning 12 darvozasidan biri – Samarqand darvoza ramziy ma’noda arka ko‘rinishida qayta barpo qilindi (ko‘chaning kengayishi munosabati bilan arka demontaj qilingan). Mahallada bir qancha mashhur shaxslar, jumladan Said Ahmad, Muzayana Alaviya va boshqalar yashab o‘tgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/samarqand-darvoza-2/

0 0 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x
()
x