Qogʻozda “ishga joylashayotgan”lar

Xoʻjakoʻrsinga tuzilgan shartnoma bitiruvchi talabaga necha tiyinlik foyda beradi?

Yaqinda tahririyatimizga Oʻzbekiston Milliy universitetining bitiruvchi talabalaridan biri keldi. Ish soʻrab kelibdi deb oʻylovdik, adashibmiz. Muddaosi ikki tomonlama shartnomaga imzo chektirib, muhr bostirish. Yoʻqsa, davlat imtihoniga kiritilmas emish…

Aslida oliy taʼlim muassasalarini tamomlayotgan bitiruvchi talabalarga beriladigan mazkur hujjat ezgu maqsadlarni koʻzlab amalga tatbiq qilingan. Afsuski, bu tizim hozir oʻzini oqlamay qoʻydi. Ikki tomonlama shartnomalar bugun mavsumiy qogʻozbozlikka aylanib ulgurdi. Savol tugʻiladi: aslida shartnoma degani majburiy emas, tomonlarning oʻzaro talab va istaklari, shartlashuvi asosida tuziladigan, oʻsha talabaning ertangi kunini belgilaydigan muhim hujjat emasmi?

Xullas, mazkur masalani atroflicha oʻrganishga qaror qildik.

 

Muammolar chambaragi

Oliy oʻquv yurtida oʻqigan yigit-qiz borki, bu tashvish bilan toʻqnash kelgan. Universitet talabadan biror tashkilot bilan kelgusida uni ishga olamiz, degan shartnoma tuzishni talab qiladi. Shartnoma tuzish uchun borgan talabadan esa, tashkilot diplom soʻraydi. Diplomni olish uchun esa, boyagi shartnoma zarur boʻladi. Xullas, bu muammolar chambaragining oʻzginasi, bir-birisiz bitmaydigan naq boshogʻriq!

Shu holga tushgan talaba nima qiladi? Albatta, oʻz kelajagini bogʻlamoqchi boʻlgan tashkilot bilan shartnoma imzolatib keladiganlar ham yoʻq emas. Ammo aksariyat bitiruvchilar bu ishni dekanatning ogʻzini yopish, davlat imtihonidan oʻtish va diplom olish uchungina qiladi. Ming afsuski, bitiruvchi talabalarning koʻpchiligi na oʻziga, na oliy oʻquv yurtiga, na ish beruvchi tashkilotga foydasi tegadigan ana shu ikkinchi yoʻlni tanlamoqda. Bu yerda faqat talabani ayblash ham adolatdan emas. Hech bir mutasaddi tashkilot yoki korxona oʻzi yaxshi bilmagan, tanimagan, hali tajribasiz bitiruvchini ishga qabul qilgisi kelmaydi. Shu sababli, bugun oliygohidan berilgan ikki tomonlama shartnomani koʻtarib, tanish-bilishlari orqali idorama-idora, eshikma-eshik sargʻayib, imzo chektirish payida joni halak boʻlayotgan talabalarni ham koʻryapmiz.

 

Qogʻozda ishga kirgan, amalda esa…

Talabalikning soʻnggi yilida qoʻlimga tutqazilgan mehnat shartnoma qogʻozi bilan bir nechta tashkilotga murojaat qildim, – deydi ism-familiyasi sir qolishini istagan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Kino, televideniye va radio sanʼati fakulteti 4-kurs talabalaridan biri. – Ochigʻi, toʻgʻridan-toʻgʻri “diploming boʻlmasa, ish yoʻq”, deb aytgan bir-ikki mardini hisobga olmasa, hammasida meni ishga olmaslik uchun “ishonchli” sabablar topildi. Toʻgʻri-da, umrida ilk bor koʻrib turgan, hali diplomi yoʻq chala kadrni kim ham quchoq ochib kutib oladi. Oʻqishga qaytib, shuni tushuntirmoqchi boʻlsam, birov quloq solay demadi…

 

Shartnoma yoʻq – diplom ham yoʻq

Mutaxassisligim boʻyicha bir nechta tahririyatga murojaat qildim, – deydi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetining 4-bosqich talabalaridan biri. – Ular, meni sinab koʻrmasdan, bu sohada nimagadir qodirligimni tekshirmasdan turib, shartnomaga imzo chekib bera olmasligini uqtirishdan, men esa tahririyatlarning eshigini qoqishdan charchamadim. Oxiri, boʻlmadi. Sabrim tugadi. Shunda nima boʻlsa-boʻlar dedim-da, kelajakda “shartnomaga imzo chekkansiz, shu sababli menga ish berishga majbursiz”, degan daʼvo bilan kelmasligimni boʻynimga olib, tanish-bilish orqali shartnomani imzolatdim.

Aslida aksariyat talaba ikki tomonlama shartnomani faqat dekanat talab qilgani uchun toʻgʻri kelgan joydan imzolatib kelishini oliygohdagi mutasaddilar ham yaxshi biladi! Nahotki, bila turib, shu yoʻlni tanlab, ularni, oʻzimizni aldaymiz? Nega shunga majbur qilaverishadi? Bundan kimga nima naf?

 

Majburiy bajarilayotgan ixtiyoriy ish

Talabalarning kuyunganicha bor. Ezgu maqsadlarni koʻzlab, hayotga tatbiq qilingan mazkur amaliyot, afsuski, faqat xoʻjakoʻrsin uchun bajarilyapti, xolos. Toʻgʻri, ular orasida haqiqatan ham kelajakda oʻzi shartnoma imzolatgan tashkilotga ishga kiradigan talabalar ham bor. Afsuski, ular barmoq bilan sanarli.

Soʻzimiz yolgʻon boʻlmasligi uchun joriy yilgi bitiruvchi talabalarning shartnomalari qay darajada amaliyotda oʻz vazifasini bajarayotganini bilish maqsadida bir nechta oliy oʻquv yurtida boʻldik.

Dastlabki manzil Oʻzbekiston Milliy universiteti.

– Toʻrtinchi bosqich talabalariga ikki tomonlama shartnoma joriy yilning yanvar-fevral oylarida tarqatib boʻlingan, – deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti Marketing boʻlimi birinchi toifali muhandisi Zuhriddin MALIKOV. – Talabalar to davlat imtihonlari boshlangunga qadar, mazkur shartnomani kelajakda oʻzlari ish boshlamoqchi boʻlgan tashkilot yoki korxonadan imzolatib kelishi talab etiladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, talabani ish bilan taʼminlash. Afsuski, talabalar orasida buni notoʻgʻri tushunib, shartnomani nomigagina imzolatib kelayotganlari ham yoʻq emas. Marketing boʻlimida oltmishdan ortiq tashkilot yoki korxonadagi boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotlar saqlanadi. Agar talaba haqiqatan ham qoʻlidagi shartnomani imzolata olmasa, boʻlimimizga kelib, oʻz mutaxassisligi boʻyicha mazkur tashkilotlarga bemalol murojaat qilishi mumkin.

Aslida shartnoma imzolatish hamma masala hal etilganini anglatmaydi. Talaba oliygohni tamomlab, biror tashkilotga ishga joylashgach, unga dalolatnoma beriladi. Mazkur dalolatnomani ishga kirgan joyidan toʻldirib keladi. Shunga asosan oliygohimizni bitirgan talabaning ertangi kuni, qayerda ishlayotgani doimiy monitoring qilib boriladi.

Mutasaddining bu gaplaridan soʻng talabalarning bu yilgi shartnomalari bilan qiziqdik. Afsus, marketing boʻlimi xodimi bizga haqiqatan ham imzolangan ikki tomonlama shartnomani koʻrsatishdan bosh tortdi. Buning uchun dekanatga uchrashishimiz kerak ekan. Dekanatga yuzlangan edik, ular ham turli bahonalar toʻqib, paysalga soldi.

Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Islom Karimov nomidagi texnika universiteti mutasaddilari ham har xil vajlar bilan birorta imzolangan shartnomani koʻrsata olishmadi. Hammasining ogʻzidan faqat bitta gap – talabalar hali toʻliq ishga kirib ulgurishmadi, bu jarayon sentyabr oyida yakunlanadi, degan mujmal javob chiqdi, xolos. Bu ham mayli, oliy oʻquv yurtlari ichida “xat bilan murojaat qiling” degani ham boʻldi. Hatto, baʼzi oliygoh xodimlari shartnoma masalasida jim yurishimizni “maslahat” berishdi. Ochigʻi, bunday “maslahat”ni qanday tushunishni ham bilmadik.

Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligining ham bu haqdagi fikri bilan qiziqdik.

– Talaba bilan korxona yoki tashkilot oʻrtasida imzolanadigan ikki tomonlama shartnomani imzolatish majburiy emas, – deydi Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligining Kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalarini tashkiliy-metodik taʼminlash bosh boshqarmasi boshligʻi Abduvali XOLIQOV. – Faqat davlat granti asosida tahsil olgan talabalar bundan mustasno. Ular uch yil davomida davlat idoralarida ishlab berishi kerak. Har qanday talaba, xoh u kontrakt, xoh davlat garanti asosida tahsil olishidan qatʼi nazar, shartnoma imzolatmagan boʻlsa-da, davlat imtihonlariga kiritiladi. Afsuski, ayrim oliygohlar talabalarni shu yoʻl bilan qoʻrqitib, shartnomani imzolatish payida boʻlyapti. Natijada yuqoridagi kabi koʻzboʻyamachiliklar yuz beryapti. Lekin talabalar orasida oʻz tanlagan yoʻnalishi boʻyicha allaqachon ishga joylashgan va oʻzi ishlamoqchi boʻlgan tashkilotdan shartnoma imzolatganlari ham oz emas.

Vazirlik oliy oʻquv yurtlaridan bitiruvchi talabalarning ishga joylashgani xususida hisobot soʻraydi. Mazkur hisobotlar umumlashtirilib, tegishli vazirlik va idoralarga yuboriladi. Ayni paytda, vazirligimiz ikki tomonlama shartnomani imzolatishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida yangi mexanizm ishlab chiqmoqda. Mazkur mexanizm ishga tushsa, shartnomalar shunchaki imzolanmaydi. Oʻz-oʻzidan yuqoridagi kabi koʻzboʻyamachiliklarga ham chek qoʻyiladi.

Mutasaddining soʻzlaridan koʻrinib turibdiki, shartnoma imzolatish majburiy emas. Shunday ekan, nima uchun oliygohlar buni majburiy ishga aylantirgan? “Shartnoma imzolatmagan talaba imtihonga qoʻyilmaydi”, deya hukm chiqarishga ularga kim huquq bergan?

Mazkur masalani oʻrganish asnosida har oʻn nafar talabadan sakkiztasi hozir ham shartnomani shunchaki davlat imtihonlariga kirish uchungina tanish-bilish orqali, koʻr-koʻrona imzolatib kelayotganiga amin boʻldik. Aslida bu amaliyot oliy oʻquv yurtlarini tamomlagan yoshlarning diplomi sandiqda chang bosib yotmasligi uchun ularni oʻqish paytidayoq ishga yoʻnaltirish, hali ilm maskanini tamomlamasidan boʻlgʻusi ish joyini kafolatlash maqsadida amaliyotga joriy qilingan edi. Afsuski, bu mexanizm oʻz vazifasini toʻlaqonli bajarmayapti. Shu bois, nazarimizda, mazkur masala xususida jiddiy oʻylab koʻrib, ushbu amaliyotni tubdan qayta koʻrib chiqish vaqti kelgan. Mamlakatimizda yosh avlodning unib-oʻsishi, oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlib, yurt koriga yaraydigan kadr sifatida ish bilan taʼminlanishi uchun bugungi zamon talablari asosida yangicha, samarali yoʻl tutish har tomonlama maqsadga muvofiqdir.

 

Gʻulomjon MIRAHMEDOV,

“Oila davrasida” muxbiri

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/qogozda-ishga-joylashayotgan-lar/

0 0 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x
()
x