“Sel yangligʻdir bu hayotning oqishi”

Oshiq BAYONIY

 

Bir nafas

 

Oʻzidan bir dunyo mol-mulk istasang,

Sihat-salomatlik tila bir nafas.

Biz murod olish-chun keldik uzoqdan,

Nihoyat bagʻrimga bosdim bir nafas.

 

Sel yangligʻdir bu hayotning oqishi,

Aql dastgohida toʻqirku naqshni,

Koʻzga koʻrinmas, yoʻqdir yoʻldoshi,

Sohib boʻl, uchirma yelga bir nafas.

 

Qalb urar, qon poklanar nafasdan,

Behuda sarflama ibrat ol sasdan,

Bir qush misoli uchar-ketar qafasdan,

Gar uchsa tutilmas, illo, bir nafas.

 

 

 Sening

 

Sening yoshlaringni artmoq murodim,

Sening shu giryoning mahv etdi meni.

Sening ogʻushingda seni qidirdim,

Sening shu qoʻllaring mahv etdi meni.

 

Sening nozlaring bu – arazlashlaring,

Sening oq kipriging, kamon qoshlaring,

Sening goʻzal sarvdek qaddu qomating,

Sening qora zulfing mahv etti meni.

 

Sening shubhalaring menda bir qarash,

Sening sukunating pinhon bir talash,

Sening roʻmolingda kamalak otash,

Sening yonoqlaring mahv etti meni.

 

Sening ohu kabi surmali koʻzing,

Sening zulflaring-la yashirin yuzing,

Sening dudogʻingdan suzilgan soʻzing,

Sening shu tillaring mahv etti meni.

 

Sening roʻmolchangda nozik bir naqshing,

Sening oʻqtin-oʻqtin sirli boqishing,

Sening Bayoniydan hurkib qochishing,

Sening shu yollaring mahv etti meni.

 

 

   Yomgʻir

 

Oʻrmonni kesibon, yoqsak biz agar,

Bulut bizdan ranjir, koʻl boʻlar yomgʻir.

Yaxshilikni himoya qilolmasak gar,

Tuproqlar sudralar, mil boʻlar yomgʻir.

 

Osmondan yerga sochilar shafqat,

Yerda qadr topar yuksalar qat-qat,

Dengizlar gavdasi – bulutlar qanot,

Kiprigingga qoʻngach, sel boʻlar yomgʻir.

 

Toʻgʻonlar qurib, gar, ekinlar eksak,

Jaholatning qoʻllarini qayirsak,

Togʻlarga, toshlarga daraxtlar eksak,

Samolar namlanar, koʻp boʻlar yomgʻir.

 

Buloqlar – tomiri emasmi yerning,

Bayoniy kuylagan goʻzal bu elning,

Gar oldini toʻssak, tez oqqan selning,

Porloq nurlar uchun manbadir yomgʻir.

 

 

 Koʻngil shahri

 

Bino aylaganim – koʻngil shahrini

Tamaliga sabr toshidan otdim.

Shu olamning totilmagan qahrini,

Zahmatini toʻzim ila berkitdim.

 

Devorini toʻgʻri, tekis qurganda,

Derazadan doʻstlik yeli esganda,

Poydevorga huzur qadam bosganda,

Adovat-la, kibrni tashqari otdim.

 

Vijdon maskaniga adolat qurib,

Hur fikrning qatʼiy qarorin surib,

Hatto, nafsni qamab, kishanlar urib,

Gʻiybat-la, gʻarazni ezib yoʻqotdim.

 

Qusur bagʻishlamoq osondir tilga,

Koʻshk qurmoq istarkan har bir koʻngilga,

Qoʻshnisi ham boʻldim men Kaʼba ila,

Kunda tez-tez Meʼroj tomonga ketdim.

Daraxt ekdim, bogʻga, togʻ va toshlarga,

Ilm-la sanʼat yaratdim, kezmam bekorga,

Qoʻl uzatdim insonlarga, iqrorga,

Shu usulda insonlikni Haq etdim.

 

Senlik, menlik deya nafs talashganga,

Jaholat-la yanglish yoʻlga tushganga,

Irqni, tilni, dinni soʻroq etganga,

Birlik maktabida hayot oʻrgatdim.

 

Bayoniy, sendadir sening yodgoring,

Seni, sen izla, top, budir sanʼating,

Oydin boʻlsin deya yuksak qurbating,

Oy-la va yulduzlar-la qadrini yopdim.

 

 

 Oshiqman

 

Gʻam-qaygʻu keldi koʻzyoshim toʻldirib,       

Bulbul gulga, men bir gulga oshiqman.

Ochilmagan yoʻllarni ham ochaman

Bulbul gulga, men bir yoʻlga oshiqman.

 

Hayot karvonini boshdan kechirdim,

E, voh, qoʻldan qancha fursat qochirdim,

Hayot daraxtiga koʻngil uchirdim,   

Bulbul gulga, men bir shoxga oshiqman.

 

Bayoniy der, Haqni qidirib topdim,

Daryolardan kechib, ummonga chopdim,

Koʻngil arisini gullarga taqdim,     

Bulbul gulga, men bir bolga oshiqman.

 

Turk tilidan Jumali ShABANOV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/sel-yangligdir-bu-hayotning-oqishi/

0 0 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x
()
x